Xatolar ustida ishlash orqali o’quvchilarning nutqiy (yozma) kompetensiyasini shakllantirishning samarali usullari (5-7 sinf ona tili darslari misolida)

Xatolar ustida ishlash yangicha yondashuv va izchillikni talab etadi.

     Diktantda xatoga yo‘l qo‘ygan o‘quvchi ustozining tuzatishlariga, albatta, e’tibor bilan qaraydi. Biroq bu «ko‘zdan kechirish» keyingi gal o‘quvchining shu so‘zni xatosiz yozishiga asos bo‘lolmaydi. Xo‘sh, shunday ekan, «Xatolar ustida ishlash» soatlari qanday tashkil qilinsa, bola shu xatoni keyingi gal takror­lamasligiga va imlo savodxonligining yaxshilanishiga erishish mumkin?

Xato yozishdagi asosiy muammolar

Diktantda yo‘l qo‘yilgan xato o‘quvchi yoshi va sinfidan kelib chiqib, u bilishi zarur deb qaralgan biror mavzuni yaxshi o‘zlashtirmagani yoki tushunmaganini bildiradi. Qolaversa, o‘quvchi yo‘l qo‘yayotgan xatoga qarab, uning nutqiy rivojlanish darajasi va muammoli jihatlari haqida xulosa chiqarish mumkin. Tovushlarni almashtirib yoki xato gapiradigan bola, albatta, diktantda ham o‘sha so‘zlarni xato yozadi. Tazyiq ostida bo‘lib, kimdandir yoki nimadandir muntazam qo‘rqib yurgan o‘quvchi ham so‘zlarning oxiridagi harflarni qoldirib ketadi. Xullas, imlo masalasi doimo dolzarb va jiddiy bo‘lib kelgan. Shu bois, u pedago­gikada hal etilishi shart bo‘lgan muhim masalalardan biri hisoblanadi.

Mutaxassislar imloviy savodxonlikni shakllantirish uchun imlo qoidalari ustida muntazam ishlab, bir qator ta’limiy diktantlarni o‘tkazishni va o‘quvchilar- ning imloviy savodxonlik darajasini muntazam tekshirib, tahlil qilib borishni maslahat beradi. Ammo ular ustida ishlashdan oldin o‘qituvchi o‘quvchilar yo‘l qo‘yayotgan xatolarni guruhlashtirib olishi zarur.

Ona tili  darslarida o‘quvchilarning ona tili daftarlarini ko‘zdan kechirsak, quyidagi xatolarga duch kelamiz:

— grafik xatolar: harf elementlarini tashlab ketish, harflarni tushirib qoldirish, ularning o‘rinlarini almashtirib qo‘yish va h.k;

— so‘z o‘zagidagi xatolar: jarangli va jarangsiz undoshlarni almashtirish, yonma-yon kelgan bir xil undoshlarning birini tashlab ketish, talaffuzda tushib qoladigan undoshlarni yozuvda ham tashlab ketish;

— so‘z va shakl yasovchi qo‘shimchalarni xato yozish;

—   bo‘g‘in ko‘chirishdagi xatolar;

— bosh harflarni qo‘llashdagi xatolar;

— shevaga oid xatolar. 

 Mavzuga doir metodik yordam 

 1.Suhbat o’tkazish

Xatolar ustida ishlash borasida ayrim imloviy mavzular ustida qayta suhbat o‘tkazish, analitik va sintaktik mashqlarni qaytadan tashkil etish maqsadga muvofiq. Kerakli usullarning qo‘llanilishi davomida o‘quvchilarning imloviy savodxonligi darajasi maxsus diktant matnlarini yozdirish bilan tekshirib boriladi. Natijada, tajriba o‘tkazilgan sinflarda qancha foiz ijobiy o‘zgarish yuz berishi aniqlanadi.

Pedagoglarga tavsiya qilingan usullar quyidagilardan iborat:

  1. Grafik xatolarni tuzatish mashqlari:

— kartochkaga harf elementlari tushirib qoldirilgan 8—10 tadan so‘z yozilib, o‘quvchilarga tarqatiladi. O‘quvchilar esa tushirib qoldirilgan harf elementlarini o‘z o‘rniga qo‘yib, daftarlariga ko‘chirib yozadilar;

— yana shunday kartochkalarga harf elementlarini noto‘g‘ri qo‘yib, o‘quvchilarga ularni to‘g‘rilab ko‘chirish vazifasi topshiriladi;

—    doskada harflari tushirib yozilgan murakkab so‘zlar «Qaysi qator oldin yozadi?» ta’limiy o‘yini o‘tkazish orqali mustahkamlanadi.

  1. Orfografik xatolarni tuzatish mashqlari:

— o‘quvchilarga jarangli undosh bilan tugagan so‘zlarni jarangsiz undosh tarzida o‘qib, lug‘at diktanti o‘tkazish;

— tarkibida ketma-ket kelgan bir xil undoshli so‘zlarning yarmini aytib, qolganini o‘quvchi yozishini ta’minlaydigan lug‘at diktanti o‘tkazish. Masalan, al-alla, el-ellik, is-issiq, ar-arra kabi.

  1. So‘z va bosh harflarni tuzatish mashqi:

— so‘zlardagi xatolarni tuzatish uchun o‘quvchilarga shu so‘z ishtirokida gap yozdirish; kichik harf bilan yozilgan so‘zlarni esa ana shu so‘zning kichik va bosh harflar bilan yoziladigan shakllari misolida gaplar tuzish. Masalan,

O‘lkamizga bahor keldi. — Men Bahor ko‘chasida yashayman.

Ona — aziz inson. — Biznikiga Aziz keldi.

Sayyoh orolda qoldi. — O‘qituvchi Orol dengizi haqida gapirib berdi.

  1. Shevaga oid so‘zlarni tuzatish mashqi:

Bu turdagi xatolarni tuzatish uchun «Chalg‘itma diktant»dan foydalanish yaxshi samara beradi. O‘tkazilgan tajribalarda o‘quvchilar diktant paytida shoshilmay, fikrlab, sheva bilan adabiy tilning farqini anglagan holda matnni yozishga harakat qilishgan. Chalg‘itma diktant 5-7 sinflarda olinishi mumkin. Chunki bu sinflarda imloviy jihatlarni qamrab oluvchi dars mavzulari ko‘proq. Chalg‘itma diktant o‘tkazilishidan oldin o‘qituvchi diktantni sheva asosida aytib berishini, lekin undagi so‘zlarni o‘quvchilar imlo qoidalariga muvofiq yozishlari lozimligini uqtiradi. Masalan, «Diktantlar to‘plami»dagi «Qurbaqa» matni Andijon shevasida quyidagicha aytib berilishi mumkin:

Qurbaqa foydaliy jonivor. Kunduzi qurbaqa biror namraq joyda yotadi.

U kech kirgandagina ovga chiqib, turliy zararliy hasharotlarni tutub yeydi.

Bunday diktantlar chog‘ida o‘quvchilar bitta matndan besh-oltita so‘zni to‘g‘rilab yozishi natijasida muayyan darajada imloviy ko‘nik­maga ega bo‘lib boradilar. Mazkur diktant, ayniqsa, bayon va inshodan oldin o‘tkazilsa, bolalar shevaga oid xatolarga yo‘l qo‘ymay yozadilar. Diktant o‘tkazilishi davomida o‘qituvchi shoshilmasligi, chalg‘itadi­gan so‘zlarni to‘g‘rilamasligi darkor. Diktantni tekshirish o‘quvchilar bilan birga olib boriladi. Bunda matn doskaga ilinib yoki monitordan ko’rsatilsa, o‘quvchilar yo‘l qo‘ygan xatolarini o‘zlari  topib tuzatadilar.

O‘zini «oqlayotgan» tajriba

Insho va bayonda, muallif gapi va ko‘chirma gaplarni yozishda o‘quvchilar tinish belgilarida xato qilishadi. Buni to‘g‘rilash uchun xatolar ustida ishlash soatlarini kutib o‘tirmaslik kerak.  Muntazam ravishda  turli mavzudagi matnlar asosida «Qayta kuzatish mashqi»ni o‘tkazib borish darkor. Buning uchun ikki kishining dialogi berilgan matnlarni o‘tganda, matnni o‘qib-o‘rganib bo‘lgach, o‘quvchilardan matnda qaysi mavzuga doir imlo belgilari   borligini so‘rash kerak, shundan so‘ng o‘quvchilar dastlab daftarlariga muallif gapi va ko‘chirma gaplarni ajratib yozishadi, so‘ng esa imlo qoidasini yanada yaxshi o‘zlashtirish uchun undagi egalar o‘rniga boshqa kishilik olmoshlarini qo‘yib mustaqil yozishadi.

O‘quvchi­larida uchraydigan grafik va orfografik xatolarni tuzatishga xizmat qiluvchi «Rasmlar so‘zlaganda usulidan foydalanish mumkin.

O‘qituvchi monitorda yozilishi va aytilishi murakkab bo‘lgan narsa-buyumlar- ning  rasmini ko‘rsatadi. O‘quvchilar esa ularning nomini daftarlariga to‘g‘ri yozishga harakat qilishadi. Rasmlarning barchasi ko‘rsatib va yozilib bo‘lingach, so‘zlarning to‘g‘ri yozilgan shakli monitorda navbat bilan namoyish etiladi. O‘quvchilar esa unga qarab o‘z xatolarini to‘g‘rilashadi. Mazkur usulni barcha so‘z turkumlariga moslashtirgan holda o‘tkazish mumkin.

«Harf kassalari»dan zamonaviy usulda  foydalaning

Uzoq yillardan buyon pedagoglarimiz so‘zlarni to‘g‘ri yozishga o‘rgatish uchun foydalanib kelayotgan ko‘rgazmali qurollardan biri bu — harf kassalaridir. Ko‘pincha harf kassasi sinf doskasi yonida osilib turadi va o‘qituvchi darsda javob bergan o‘quvchiga mazkur harf kassasidan foydalanib, biror bir so‘zni yozib berishni so‘raydi.

Bunda muallima  ona tili darslarida «Harf kassasi»dan foydalanib, 5 daqiqa «To‘g‘ri yozuv» mashqini o‘tkazadi. Mashqda har bir o‘quvchi oldiga harf kassasini oladi va o‘qituvchi tomonidan aytilayotgan bo‘g‘in va sodda so‘zlarni, shuningdek, yozilishi murakkab bo‘lgan so‘z va gaplarni  yozadi. O‘quvchilar so‘zlarni yozayotganida o‘qituvchi partalar oralab yuradi va har bir o‘quvchining ish jarayonini, qanday xatoga yo‘l qo‘yayotganini kuzatadi. Xatoga yo‘l qo‘ygan o‘quvchilar doskadagi «Harf kassasi»da so‘zni qaytadan to‘g‘ri yozib berishadi.

Bu usulning qulayligi shundaki, o‘quvchi ustozi aytayotgan so‘zni eshitadi, his qiladi va uni ko‘rib turgan harflari yordamida o‘z qo‘li bilan yozadi. Bu, birinchi- dan, mazkur so‘zning yozilish tartibini xotirasida yaxshi saqlab qolishga yordam beradi, ikkinchidan esa, pedagogning bir vaqtning o‘zida sinfdagi barcha o‘quvchilar bilan ishlashiga sharoit yaratadi. Hozirda maxsus maktab o‘quv-qurollari sotiladigan ko‘pgina do‘konlarda bunday «Harf kassa»larini arzon narxda sotib olish mumkin.

Xatolar ustida ishlash borasida aytilgan yuqoridagi barcha usul va tajribalar bilan tanishish asnosida o‘qituvchilar bir gapni ta’kidlashadi: ularni muntazam va izchil qo‘llash, onda-sonda yoki mavzu to‘g‘ri kelganidagina ularga murojaat qilish kutilgan natijani bermaydi. Shu bois, o‘qituvchilarimiz o‘quvchilarining imlo savodxonligini oshirishni istar ekan, umrboqiy haqiqat — ularni badiiy kitob o‘qishga undashdan charchamasligi va yuqoridagi kabi rang-barang va zamonaviy pedagogik usullarni tegishli darslarda muntazam izchillik asosida olib borishi kerak. Shundagina o‘qituvchilarimiz uning samarasini o‘quvchilarining ravon nutqi va xatosiz yozuvlarida ko‘rish baxtiga erishishadi.